Dual ta'lim

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 29.03.2021-yildagi 163-son

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 16.01.2025-yildagi 14-son

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-93-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida, shuningdek, professional ta’lim tizimida dual ta’limni rivojlantirish doirasida qonunchilikka mazkur ta’lim shakliga oid alohida – 17-modda kiritilib, uni tashkil etish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi belgilab qo‘yildi. Mazkur me’yoriy hujjat asosida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-martdagi qarori bilan professional ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.

 

TASHKENT SHAHAR KICHIK VA YOSHLAR SANOAT ZONALARINI BOSHQARISH DIREKSIYASIDA DUAL TA’LIMNI TASHKIL ETISH TARTIBI

NIZOMI

Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni, “Mehnat to‘g‘risida”gi Kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–93-son Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-martdagi 163-son “Professional ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan.

Nizom Toshkent shahar kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish Direksiyasi (keyingi o‘rinlarda – Direksiya) hududida faoliyat yurituvchi tashkilotlar va kasbiy (professional) ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikda dual ta’limni joriy etish, amalga oshirish, unda ishtirok etuvchi tomonlarning vazifalari, huquq va majburiyatlarini, ta’lim jarayonini tashkil etish tartibini belgilaydi.

 

I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom Toshkent shahar kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish Direksiyasi (keyingi o‘rinlarda – Direksiya) qoshida dual ta’lim tizimini tashkil etish, amalga oshirish, muvofiqlashtirish hamda uning ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini belgilash tartibini belgilaydi.

2. Dual ta’lim – bu nazariy ta’limning ishlab chiqarishdagi amaliyot bilan uyg‘unlashuvi asosida tashkil etiladigan ta’lim shakli bo‘lib, o‘quvchi yoki o‘quvchi-ishchi ishlab chiqarish jarayonida to‘g‘ridan to‘g‘ri amaliy bilim va ko‘nikmalarni egallaydi.

3. Dual ta’lim Direksiya va u bilan hamkorlikdagi kasb-hunar maktablari, texnikumlar, kollejlar va sanoat zonasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar o‘rtasida tuziladigan hamkorlik shartnomalari asosida amalga oshiriladi.

 

II. Dual ta’limni joriy etishning maqsad va vazifalari

4.     Dual ta’limni joriy etishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar:

  • sanoat zonalarida mehnat bozori talablariga muvofiq kadrlar tayyorlash;
  • yoshlarni ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etish orqali ularning bandligini ta’minlash;
  • korxonalar va ta’lim muassasalari o‘rtasida manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
  • tadbirkorlik ko‘nikmalariga ega, malakali va raqobatbardosh kadrlar yetishtirish.

 

 

5.     Dual ta’lim tizimining asosiy vazifalari:

  • amaliyotga yo‘naltirilgan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish;
  • tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘quvchilarni ish joylari bilan ta’minlash;
  • ish joyida malaka va ko‘nikmalarni shakllantirish;
  • har yili ehtiyojdan kelib chiqib kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha qabul rejalarini shakllantirish.

 

III. Dual ta’limni tashkil etish tartibi

6.  Dual ta’lim tizimi Direksiya tashabbusi bilan hamkor tashkilotlar va kasbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnomalar asosida amalga oshiriladi. Shartnoma quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • ta’lim muddati;
  • ishlab chiqarish amaliyoti va nazariy ta’lim davomiyligi;
  • ustozlarni belgilash va ularning mas’uliyati;
  • ish haqi, mehnat muhofazasi va boshqa shartlar.

7. Direksiya ta’lim muassasalari va korxonalar bilan hamkorlikda o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish, o‘qishga qabul qilish va amaliy mashg‘ulotlar uchun shart-sharoit yaratish ishlarini muvofiqlashtiradi.

8. Ta’lim jarayonining 40–50% qismi nazariy, qolgan qismi amaliyot tarzida tashkil etiladi. Har hafta kamida ikki kun ta’lim muassasasida, qolgan kunlar korxonada amaliy faoliyat olib boriladi.

9. Tashkilot va ta’lim muassasasi o‘quvchilarni baholash va yakuniy davlat attestatsiyasini birgalikda tashkil etadi.

 

IV. Ishtirokchilarning huquq va majburiyatlari

10. Tashkilot majburiyatlari:

  • amaliyot uchun ish joyi va zarur uskunalar bilan ta’minlash;
  • har bir o‘quvchiga ustoz tayinlash;
  • mehnat qoidalariga rioya qilish uchun mas’ullik;
  • amaliyot davomida ish haqi to‘lash (qonunchilikka asosan);
  • tashkilot ichki qoidalari va xavfsizlik talablari bilan tanishtirish.

 

11. Ta’lim muassasasi majburiyatlari:

  • ta’lim dasturini ishlab chiqish va muvofiqlashtirish;
  • o‘quvchilar ro‘yxatini shakllantirish;
  • amaliyotni tashkil etish bo‘yicha ustoz va mas’ullarni belgilash;
  • ta’lim jarayonini yuritish va nazorat qilish;
  • hisobot tayyorlash va tegishli idoralarga taqdim etish.

 

 

 

12. O‘quvchi majburiyatlari:

  • ta’lim va ishlab chiqarish intizomiga rioya qilish;
  • vazifalarni o‘z vaqtida bajarish;
  • kundalik va hisobotlarni yuritish;
  • yakuniy davlat attestatsiyasida ishtirok etish.

 

13. Har bir ishtirokchi tegishli huquqlarga ega:

  • ta’lim olish, ustozdan maslahat olish;
  • ta’lim muassasasi va tashkilotning moddiy-texnik bazasidan foydalanish;
  • ta’lim davomida tashkilotdan belgilangan shartlarda ish haqi olish.

 

V. Nazorat va hisobot

14. Dual ta’lim jarayoni ustidan umumiy nazorat Direksiya tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun maxsus ishchi guruh tuzilishi mumkin.

15. Har o‘quv yili yakunida Direksiya barcha hamkor tashkilotlar va ta’lim muassasalaridan hisobotlar qabul qiladi va tahlil qiladi.

 

VI. Yakuniy qoidalar

16. Ushbu Nizom talablari bo‘yicha kelib chiqqan bahslar amaldagi qonunchilik asosida hal qilinadi.

17. Nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar Direksiya rahbariyati qarori asosida kiritiladi.